Jinsiy aloqa haqidagi ko'plab kitoblarda uni takomillashtirish yo'llari ko'rsatilgan. Aloqaning turlicha ko'rinishi, har xil holatlar, aloqadan oldingi va keyingi vaziyat va hokazo. Ushbu maslahatlarni yig'sa 1000 dan oshib ketadi. U maslahatlarga amal qilgan juftliklarda esa negadur muammo yo'qolmaydi. Natijada jinsiy aloqaning ko'rinishi va holatlari o'zgarishi ro'y beradi, xolos. Muammoni hal qilish yo'li esa bu emas. Bola-chaqa, uy-ro'zg'or ishlari bilan band bo'lgan ayolning jisniy aloqaga qiziqishi qancha bo'la oladi? Kechqurun farzandi uxlaganda uning eng katta niyati yotib miriqib uxlab olish emasmi? Yoki ro'zg'ori but bo'lishi harakatida yurgan erkakning fikri-hayoli moliyaviy muammolarda bo'lib, jinsiy aloqaga faqatgina jismoniy ehtiyoj sifatida qaray boshlagani zerikarlik emasmi? Bu muammolarning birgina ko'rinishi, xolos, hamma oilada ular turlicha bo'ladi, lekin ta'siri aynan jinsiy munosabatlarga tegadi. Xotini kuni bilan charchamoqdami, demak uning ham dam olishi uchun imkoniyati bo'lishi kerak. Erkak kishi ko'chada moliyaviy muammolarni hal qilib kelayotgan bo'lsa, uni uy muammolari bilan qiynamaslik maqsadga muvofiq bo'ladi. Oilada bog'cha yoshidagi bolalar bo'lsa, ba'zida ularni buvilariga qoldirib eri-xotin yolg'iz qolishi juda kerak bo'ladi. Lekin bu yo'llar jinsiy munosabat uchun emas, balki er-xotin bir-biriga boshqa nazar bilan, charchovsiz holatda mehr va tushunish bilan qaray olishi uchun mo'ljallangan. Muhimi, er-xotin ruhan bir-biriga yaqinlashishidir. Erning xotiniga yordami, xotinining eriga bo'lgan mehri va parvarishi, oilada tinchlik va hotirjamlik bo'lishi, bollarning salomatligi hammasi juftlikni bir-biriga ruhan yaqinlashtiradi. Lekin uyda har kuni biron muammo yuz bergan, erkakning ishida qiyinchiliklar, uyda bolaning salomatligi tufayli ona charchagan, qarindoshlar tufayli er-xotin janjallashgan va boshqa shu kabi muammolar er-xotinni bevosita ruhan uzoqlashtira boshlaydi. Sevgan inson har doim o'z minnatdorchiligini, sevgisini jinsiy aloqada namoyon qilishni istaydi. Uning shakli, holati qanday bo'lmasin, agar u sevgi va minnatdorchilikka to'la bo'lsa, u holda erkak ham ayol ham undan butunlay qoniqa oladi. Aks holda, u qanday holatda bo'lmasin, ayol qanchalik go'zal bo'lmasin, ruhiy munosabatlar singan bo'lsa, jinsiy munosabatlarni hech narsa tuzata olmaydi. Albatta erkakning tabiatidan kelib chiqqan holda uning jismoniy ehtiyojini qondirish uchun aloqa muntazam ravishda bo'lib turadi. Lekin undan na erkak, na ayol ruhan qoniqa olmaydilar. Ruhiy qoniqmaslik esa hech qachon jismoniy qoniqishni bermaydi. Ikki hafta er-xotin ko'rishmay bir-birini qanchalik so'ginadi? Nafaqat jismonan, balki ruhan kuchli qumsash seziladi. Shunda diydorlashgach ilk jinsiy aloqa ro'y berganda uning turi yoki shaklining ahamiyati bormi? Chunki bu aloqa sog'inch va mehrga to'lgan bo'ladi. Shuning uchun jinsiy aloqa yo'llarini, turlarini, shakllarini izlagandan ko'ra o'z turmush o'rtog'iga qanday qilib mehr va minnatdorchilikni ko'rsata olish yo'llarini izlash kerak. Shunda tabiiy ravishda er-xotinning hoxish va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda jinsiy aloqa shakli, turi va ko'rinishi takomillashib boraveradi. Manba: - Saytdan olindi.